Logo

Jovanka Porshe: Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi mintaqa taraqqiyotida muhim bosqich bo'ldi

Noyabr 22, 2025. 10:54 • 2 daq

289
Jovanka Porshe: Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi mintaqa taraqqiyotida muhim bosqich bo'ldi

VENA, 21-noyabr. /"Dunyo" AA/. Avstriyaning "Global Neighbours" kompaniyasi rahbari Jovanka Porshe "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkent shahri mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvlari haqida fikr bildirdi:

– Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi mintaqa taraqqiyotida muhim bosqich bo'ldi. Muloqot sifatida boshlangan uchrashuvlar tezda strategik hamkorlikka aylandi. Muhokamalardan aniq harakatlarga o'tildi. Ilgari tortishuv va ishonchsizlik mavjud bo'lgan joyda, bugungi kunda konstruktiv hamkorlik birinchi o'ringa chiqmoqda.

"Yangi Markaziy Osiyo" – bu umumiy manfaatlarga asoslangan, harakatchan mintaqani o'zida mujassam etgan jozibador g'oyadir. Va bu hudud tobora kengayib bormoqda. Xususan, Toshkentdagi uchrashuvda Ozarbayjonning ham mintaqaviy formatga qo'shilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Bu Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ko'targan tashabbus va loyihalar mazmuniga mos keldi.

Kelajakka nazar tashlar ekanman, Markaziy Osiyo Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikning ajoyib istiqbollarini ko'rayapman. Albatta, G'arb yo'nalishida ham ulkan salohiyat mavjud, chunki Yevropa institutlari va kompaniyalari investitsiya kiritishga intilmoqda.

Mintaqada mustahkamlanib borayotgan hamkorlik allaqachon geosiyosatga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Toshkent uchrashuvida davlat rahbarlarining BMT Xavfsizlik Kengashining 2027–2028-yillarga mo'ljallangan muvaqqat a'zoligiga Qirg'iziston Respublikasi nomzodini qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi qo'shma bayonotiga guvoh bo'ldik. Mintaqaning bunday birdamlikda harakat qilishi e'tirofga loyiq. Ushbu nomzod, shubhasiz, mintaqaning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlaydi.

Biz "Global Neighbours" dasturlari doirasida ushbu strategik hamkorlik aloqalarini diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Qolaversa, mintaqa farovonligi va taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shish niyatidamiz. Biz doimo muloqot uchun ochiqmiz.

Binobarin, bizning yangi "Kelajakka yo'l" loyihamiz mintaqa mamlakatlari bo'ylab poyezdda harakatlanadigan xalqaro iqtisodiy forumdir. Poyezdimiz G'arbiy Yevropadan yo'lga chiqib, jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bozoriga sarmoya kiritishga tayyor bo'lgan mamlakatlar orqali o'tadi. Yo'l-yo'lakay siyosatchilar, tadbirkorlar va boshqa nufuzli shaxslar bilan fikr almashish imkoni paydo bo'ladi.

So'zim yakunida Toshkentdagi maslaxat uchrashuvi "Yangi Markaziy Osiyo"ni barpo etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidlamoqchiman. Biz ko'rgan ochiq muloqot va manfaatlar uyg'unligi haqiqatan ham ajoyib. Bu Markaziy Osiyo uchun yangi davrning debochasi bo'lishi, shubhasiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish